Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga press-tur tashkil etildi

OʼzR FА Yadro fizikasi instituti respublikamiz va Markaziy Osiyo hududidagi eng yirik ilmiy tekshirish maskani hisoblanadi. Institutning ilmiy boʼlinmalari hamda tadqiqot yadro reaktori, siklotron, elektron tezlatgichi, gamma qurilmasi va neytron generatori kabi noyob obyektlari bazasida hozirgi zamon fan va texnikasining istiqbolli yoʼnalishlarini qamrab olgan ilmiy tadqiqotlar, jahon bozor talablariga javob beruvchi importi oʼrnini bosuvchi va eksportga yoʼnaltirilgan ilmiy xajmdor mahsulotlar, buyum va asbob-uskunalar ishlab chiqarishga qaratilgan fundamental va amaliy izlanishlar olib boriladi.

Muassasa tashkil etilganligining 65 yilligi munosabati bilan 29-sentyabr kuni Institutga OАV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Dastlab press-tur ishtirokchilari uchun matbuot anjumani oʼtkazildi va unda Institutning asosiy faoliyat yoʼnalishi, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida maʼlumot berildi va jurnalistlar oʼzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

  

Shundan soʼng, press-tur ishtirokchilari muassasaning eng asosiy ilmiy obʼekti hisoblangan ВВР-СМ tadqiqot yadro reaktori ish jarayoni bilan tanishtirildi. Mazkur reaktor hozirda 8 MVt quvvat bilan ishlab turibdi va u yadro fizikasi, qattiq jismlar fizikasi, radiatsiyaviy materialshunoslik, yadroviy tibbiyot, radiokimyo va aktivatsiyaviy tahlil sohasida ilmiy tadqoqotlar oʼtkazish hamda radioizotoplar olish texnologiyalarini ishlab chiqishda qoʼllaniladi.

  

Soʼngra ishtirokchilarga Institutning yana bir muhim obyekti – Markaziy Osiyoda yagona boʼlgan Gamma qurilmasi ish faoliyati yaqindan tanishtirildi. Bu qurilmada materialshunoslik, biologiya, kimyo, tibbiyot, farmatsevtika sohasida tadqiqotlar oʼtkazish imkoni mavjud. Shuningdek, bu qurilma yordamida qishloq xoʼjaligi va respublika korxonalari hamda tashkilotlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va materiallarga radiatsion ishlov berish boʼyicha xizmatlar koʼrsatiladi. Bundan tashqari, rentgen nurlari sochilishiga asoslanib ishlaydigan zamonaviy difraktometr hamda elektron mikroskopining qoʼllanilish sohalari bilan ham tanishtirildi.


×