Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Fizika fani yoʼnalishida stajyor-tadqiqotchi va doktorantura uchun maqsadli kvotalar ajratish boʼyicha brifing oʼtkazildi

Bugun, Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Fanlar akademiyasi Ilmiy kadrlar boʼlimi bosh mutaxassisi Dilorom Toʼrayeva ishtirokida fizika fanini ilm-fan sohasining ustuvor yoʼnalishi sifatida rivojlantirish boʼyicha ilmiy izlanishlar koʼlamini oshirish va jahonning yetakchi ilmiy tashkilotlariga yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish, stajyor-tadqiqotchilik va doktorantura uchun maqsadli kvotalar ajratish xususida brifing oʼtkazildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida 2021-yilning may oyi holatiga faoliyat koʼrsatayotgan jami xodimlar 4966 nafar, ilmiy xodimlar - 2247, akademiklar 74, fan doktorlari 428 hamda fan nomzodi va falsafa doktorlari 797 nafarni tashkil qiladi.

Bugungi kunda tizimda mavjud 35 ta ilmiy muassasalardan 10 tasi fizika yoʼnalishi boʼyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqda. Bular, Yadro fizikasi, Fizika-texnika, Materialshunoslik, Ion-plazma va lazer texnologiyalari, Аstronomiya, Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi, Seysmologiya, Energetika muammolari institutlari, Konstruktorlik byurosi va tajribaviy ishlab-chiqarish ilmiy-texnik markazi va RT-70 rasadxonasidir.

Fanlar akademiyasi tasarrufidagi ilmiy tashkilotlarda ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash ishlari bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda tizimdagi ilmiy tashkilotlarda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʼyicha 383 nafar tayanch doktorant, 55 nafar doktorant, 100 nafar stajer-tadqiqotchi hamda 125 nafar mustaqil-izlanuvchi tahsil olmoqda. Jumladan, tahsil olayotgan doktorantlarning 14%, stajer-tadqiqotchilarning 25% oʼz ilmiy-tadqiqotlarini fizika yoʼnalishi boʼyicha olib bormoqdalar.

2021-yilda Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlariga 136 ta tayanch doktorant, 20 ta doktorant va 100 nafar stajer-tadqiqotchi tanlov asosida oʼqishga qabul qilingan boʼlsa, doktoranturaga qabul qilinganlarning 20% hamda stajer-tadqiqotchilarning 29%ni fizika yoʼnalishi boʼyicha oʼqishga qabul qilinganlar tashkil etadi.

2020-yil yakunlari boʼyicha tayanch doktoranturani 111 nafar tayanch doktorant bitirgan, ulardan muddatida himoya qilganlar 53 ta, doktoranturani 13 ta doktorant bitirgan boʼlib, 6 nafari oʼz doktorlik dissertatsiyasini muddatida himoya qilgan. Bitiruvchilarga nisbatan samaradorlik tayanch doktorantlar uchun 48%, doktorantlar uchun esa 46% tashkil qiladi.

2020-yil yakuni boʼyicha Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlarda jami 127 ta doktorlik dissertatsiyalari, ulardan 99 ta PhD va 28 ta DSc ilmiy darajalari himoya qilingan boʼlsa, aynan fizika yoʼnalishi boʼyicha 23 ta ilmiy ish himoya qilingan boʼlib, umumiy hisobdan 18% ni tashkil etadi.

Ilmiy kadrlar tayyorlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida Fanlar akademiyasi tizimidagi doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning faoliyati har yarim yilda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi 304-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim toʼgʼrisida Nizom”ga muvofiq monitoringdan oʼtkaziladi.

 “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qaror ijrosini taʼminlash maqsadida 2022 yil uchun fizika yoʼnalishidagi tayanch doktorantura, doktorantura va maqsadli doktorantura kvotalari soni qariyb 1,5 baravarga oshirilmoqda. Maqsadli doktoranturaga kvota ajratish orqali viloyatlardagi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ilmiy darajali kadrlar yetkazib berish rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan Аndijon, Samarqand, Fargʼona va Qoraqalpoq davlat universitetlari bilan maqsadli doktorantlarni qabul qilish boʼyicha shartnomalar qabul qilingan.

Fizika fanini ilm-fan sohasining ustuvor yoʼnalishi sifatida rivojlantirish boʼyicha ilmiy izlanishlar koʼlamini oshirish va jahonning yetakchi ilmiy tashkilotlariga yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida 30 nafar ilmiy xodimlarning hujjatlari Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etildi. Yosh olimlarning fizika yoʼnalishidagi stajirovkalari asosan Rossiya Fanlar akademiyasining Mikroelektronika texnologiyalari muammolari va maxsus toza materiallar instituti, Belorussiya Fanlar akademiyasining Materialshunoslik instituti, Yaponiyaning Ritsumeykan universiteti, Italiyaning Salerno Universiteti, Chexiyaning Silesian universiteti, Xitoyning Zejiang universiteti hamda Hindistonning universitetlararo Аstronomiya va astrofizika markaziga rejalashtirilgan.

Xorijiy davlatlardagi stajirovkalar jarayonida yupqa qatlamli quyosh elementlari ustida tadqiqotlar oʼtkazish, zamonaviy qurilmalarda mustaqil ishlash koʼnikmasiga ega boʼlish, ikkilik materiya-toʼlqin solitonining gravitatsion maydon taʼsiri ostida qaytaruvchi toʼsiqdagi sakrash dinamikasini analitik va sonli usullar yordamida oʼrganish, neytron-aktivatsion tahlil va mass-spektrometriya usullarini uygʼunlashtirgan holda oʼta toza moddalardagi mikroaralashmalar miqdorini aniqlash uslublarini ishlab chiqish kabi vazifalar yosh olimlar tomonidan amalga oshirilishi kutilmoqda.


×