Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Xalqaro Atom energiyasi аgentligi va O'zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti o'rtasida shartnoma imzolandi

Xalqaro atom energiyasi  аgentligi (XAEA) bosh direktori o'rinbosari Mixail Chudakov O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Yadro fizikasi institutiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida M.V.Chudakov O'zR FA prezidenti B.S. Yuldashev, Fanlar akademiyasi va Yadro fizikasi instituti rahbariyati bilan uchrashdi. Tomonlar XAEA va Fanlar akademiyasi o'rtasidagi hamkorlik masalalarini, xususan, FA Yadro fizikasi institutida texnik ko'mak loyihalarini amalga oshirish bo'yicha ishlarning borishini muhokama qildilar. Uchrashuv davomida O'zR FA prezidenti B.S.Yuldashev XAEAga respublikaning yadro infratuzilmasini rivojlantirishda, Yadro fizikasi instituti yadro tadqiqot reaktorining xavfsiz ishlashida va kadrlar tayyorlashda ko'rsatgan katta yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

Uchrashuv davomida XAEA va O'zR FA Yadro fizikasi instituti  o'rtasida Agentlikning reaktor Internet laboratoriyasiga (RIL) Institutning mehmon-a'zo sifatida ishtiroki to'g'risidagi bitimni imzolash marosimi bo'lib o'tdi. Shartnomani XAEA Bosh direktori o'rinbosari M.V. Chudakov va O'zR FA Yadro fizikasi instituti direktori I.I. Sadikovlar imzoladilar.

RILning maqsadi - tadqiqot yadro markazlari o'rtasida tadqiqot yadro reaktorlarining xavfsiz ishlashi bo'yicha tajriba almashish, ularni ishlatish uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo'yicha xalqaro hamkorlik qilishdir. RIL, shuningdek, buning imkoni bo’lmagan universitetlarning o'quv dasturiga eksperimental komponentni kiritish uchun iqtisodiy jihatdan samarali usuldir. RIL mavjud bo'lgan asosiy reaktor va boshqa mamlakatlarning qatnashchilari o'rtasida Internet aloqa orqali virtual reaktorni yaratishga imkon beradi. Ma'lumotlarni yig'ish apparati va dasturiy ta'minotining bazaviy tadqiqot reaktorida o'rnatilishi bilan real vaqtda signallar Internet orqali ishtirokchilarga uzatiladi, u yerda ishtirokchilar real vaqtda reaktorning boshqaruv pultini kuzatishi mumkin. Jonli video aloqadan foydalanib, ishtirokchilar boshqaruv pultidagi reaktor operatorlaridan uning parametrlarini o'zgartirishni so'rab, ushbu o'zgarishlarning natijalarini real vaqtda ko'rish orqali tajribalar o'tkazishlari mumkin.

Shuningdek, bu Moskva muhandislik-fizika institutining (MMFI) Toshkentdagi filiali talabalarining tizimga ulanishida va yadroviy reaktorlarning ishlashi bo'yicha onlayn mashg'ulotlar o'tkazishda yordam beradi.


×